Sulton Rayev: O'zbekiston turkiy dunyoning lokomotivi
ANQARA, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ilhom Haydarov Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda, shuningdek, TURKSOY bosh kotibi o'rinbosari Sayit Yusuf, O'zbekistonning mazkur tuzilmadagi vakili Shavkat Ortiqov ishtirok etdilar.
Bosh kotib Sulton Rayev O'zbekistonning turkiy dunyo madaniy merosi va tarixida tutgan o'rni beqiyos ekanini e'tirof etish barobarida, so'nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat tufayli mamlakatning TURKSOY doirasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidladi.
"2023-yilda O'zbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga to'laqonli a'zo bo'lishi ushbu tashkilotning nufuzini yana-da ortishiga va to'la-to'kis o'z faoliyatini olib borishga o'z hissasini qo'shmoqda. O'zbekiston turkiy dunyoning "lokomotiv" davlatlaridan biri bo'lib, madaniy, tarixiy va ma'naviy shaharlarga boy bo'lgan mamlakat va dunyoda alohida o'rniga ega", dedi bosh kotib.
O'zbekiston Prezidentining 2025 yil 21 may kuni Budapesht shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ushbu tuzilmaning nufuzini yana-da oshirish uchun uning faoliyatini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish bo'yicha takliflarining ahamiyati alohida ta'kidlandi.
O'zbekistonda TURKSOY bilan birgalikda turli festivallar, ko'rgazmalar, ijodiy forumlar o'tkazish an'anaga aylangani qayd etildi. Jumladan, joriy yilning 23-iyun kuni Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi Toshkentga tashrifi doirasida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yig'ilishida ishtirok etdi. Yig'ilish doirasida TURKSOY va O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
O'zbekiston va Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan o'tkazib kelinayotgan yirik anjumanlar madaniyat va san'at sohasini qo'llab-quvvatlash hamda rivojlantirish bilan bir qatorda, turkiy xalqlar o'rtasidagi qardoshlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari turkiy dunyo yoshlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta'kidlandi. Shu bois TURKSOY tomonidan 2026-yilda tashkil etiladigan "Turkiy davlatlar yoshlari kuni"ni O'zbekistonda o'tkazish taklif etildi.
Shuningdek, tomonlar TURKSOY va O'zbekistonning tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o'zbek milliy madaniyatini yana-da faol targ'ib qilish maqsadida joriy yilning ikkinchi yarimida hamda 2026-yilda birgalikda turli tadbirlarni tashkil etish, ilmiy-ma'rifiy ishlarni kuchaytirish bo'yicha taklifini qo'llab-quvvatladilar.