Turkiyadan munosabat: O'zbekiston bilan Ozarbayjon o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko'tarilib, yildan-yilga jadal kengayib bormoqda
ANQARA, 5-iyul. /"Dunyo" AA/. Strategik tadqiqotlar va taraqqiyot assotsiatsiyasi bosh kotibi Yunus Emre Kanat (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-4-iyul kunilari Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Davlat tashrifi Yangi O'zbekiston faol tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo'lib, ikki tomonlama munosabatlar rivojidagi muhim bosqich hisoblanadi. Uning natijasida O'zbekiston bilan Ozarbayjon o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko'tarilib, yildan-yilga jadal kengayib bormoqda.
Tashrif doirasida davlat rahbarlari o'rtasida samarali muzokaralar bo'lib o'tdi, bu ikki mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi keng ko'lamli pozitsiyalari oliy darajadagi o'zaro tushunishni aks ettirdi.
O'zbekiston va Ozarbayjon nizolarni tinch yo'l bilan hal etish, diplomatik muloqot va davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga sodiqlik asosidagi umumiy tashqi siyosat ustuvorliklarini namoyish etyapti.
Tomonlar yaqin yillarda o'zaro savdo va investitsiya hajmini bir milliard AQSH dollariga yetkazish bo'yicha kelishuvga erishdi. Savdo va kooperatsiyani rivojlantirish bo'yicha alohida dastur qabul qilindi, hamkorlikning yangi formatlari – Tadbirkorlar kengashi va Sanoat-iqtisodiy zonalar forumi yo'lga qo'yildi.
Shu bilan birga, muzokaralarda logistika va transport aloqasi masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, O'zbekiston yuklarini tashish hajmi 25 foizga oshgan O'rta yo'lakni faol rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu yo'nalish Yevroosiyo logistikasining strategik bo'g'iniga aylanishi mumkin.
Tashrif yakunlari tahlili yangi bosqich – strategik sheriklikdan to'laqonli ittifoqchilik munosabatlariga o'tish haqida gapirish imkonini beradi.
Qayd etish joizki, O'zbekiston va Ozarbayjon qayta tiklanadigan energiya manbalari va "yashil" energiyani jahon bozorida ilgari surish, xususan, Yevropaga "yashil" energiya eksporti bo'yicha qo'shma loyihaga sarmoya kiritmoqda.
Boku shahrida "O'zbekiston" bog'ining qurilishi, Elchixonaning yangi binosining ochilishi, shuningdek, O'zbekistonda "Ozarbayjon" bog'i va "Sea Breeze" sayyohlik majmuasining bunyod etilishi ikki mamlakat xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishda alohida o'rin tutadi.
O'zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi yakunlari tahlili ikki tomonlama munosabatlar rivojlanayotgani – strategik sheriklikdan to'laqonli ittifoqchilik munosabatlariga o'tganidan dalolat beradi.
Men ikki davlat rahbarlarining ko'magi tufayli erishilgan kelishuvlar barcha sohalarda o'zaro hamkorlikni samarali faollashtirishga kuchli turtki berishiga ishonaman.