Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Anqarada O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi



ANQARA, 12-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashining (DEİK) Turkiya-O'zbekiston qo'mitasi raisi O'zgyur Onur O'zgyuven va qo'mita a'zolari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarga oid hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va mamlakatimiz salohiyatini turk ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida yana-da keng targ'ib qilish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekistonda energetika, qishloq xo'jaligi, qurilish, axborot texnologiyalari sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga e'tibor qaratildi. Aniq kelishuvlarga erishish uchun O'zbekiston va Turkiya biznesi o'rtasida "G2B" va "B2B" shaklidagi uchrashuvlarni o'tkazish muhimligi ta'kidlandi.

Shuningdek, "12 oy 12 viloyat" shiori ostida O'zbekiston va Turkiya hududlari o'rtasida amalga oshirilayotgan vebinar loyihasini mazmunan boyitish muhimligi qayd etildi.

– Joriy yilning birinchi yarmida Buxoro, Xorazm, Namangan, Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda muhim iqtisodiy tadbirlarni tashkil etdik, – dedi qo'mita raisi O'zgyur Onur O'zgyuven. – Ular yakunlari bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, O'zbekiston tomoni bilan birgalikda ishlashga qiziqish bildirgan va qo'shma loyihalarni amalga oshirmoqchi bo'lgan turk kompaniyalari vakillarining O'zbekistonga biznes-missiyasini amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

Muloqot yakunida O'zbekistonda davlat xususiy-sheriklik asosida qo'shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o'rganish, o'zaro biznes-missiyalarni tashkil qilish va qo'shma iqtisodiy tadbirlar o'tkazish bo'yicha takliflar qo'llab-quvvatlandi.