Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekistonda yuqori sifatli foto-video materiallar jamlangan media bank – Aura.uz platformasi ishga tushirildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan mamlakatimizda ilk bor O‘zbekistonning boy madaniy merosi, betakror tabiati, zamonaviy shaharlari va turmush tarzini aks ettiruvchi foto hamda video materiallarni bir joyga jamlagan innovatsion media bank – Aura.uz platformasi ishga tushirildi.

Mazkur platformaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning ijobiy imijini mahalliy va xalqaro auditoriyaga yuqori sifatli vizual kontent orqali keng targ‘ib etishdan iborat.

Bugungi kunda Aura.uz serverlarida qariyb 6 terabayt hajmdagi ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan bo‘lib, unda 12 mingdan ortiq foto, video va infografik materiallar jamlangan. Platforma har kuni o‘rtacha 200 ga yaqin yangi kontent bilan muntazam boyitib borilmoqda.

Kontentlarni yig‘ish va joylashtirish uchun maxsus servis yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, arxivni shakllantirishda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK), vazirlik va idoralar axborot xizmatlari hamda milliy axborot agentligi – UzA materiallaridan keng foydalanilgan.

Ushbu loyiha O‘zbekiston media makonidagi dolzarb muammoni hal etishga qaratilgan bo‘lib, sifatli vizual kontent yetishmovchiligini bartaraf etadi. Natijada, mamlakatimiz haqidagi professional foto va video materiallar sonini global miqyosda keskin (1000 barobarga) oshirish imkoniyati yaratiladi.

Hozirgi kunda ko‘plab mahalliy va xorijiy video ijodkorlar, blogerlar hamda media mutaxassislar sifatli vizual materiallarni izlash jarayonida eskirgan, past sifatli yoki turli yozuv, subtitr va logotiplar bilan cheklangan kontentlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, hududlar kesimida yoki dron orqali olingan zamonaviy tasvirlarni topish murakkab masala bo‘lib qolmoqda.

Platformada:
— faqat yuqori sifatli (HD, Full HD, 4K va undan yuqori) kontent joylanadi;
— barcha materiallar yozuv, logotip va subtitrlarsiz taqdim etiladi;
— videolar gorizontal (16:9) va vertikal (9:16) formatlarda mavjud;
— kontentlar fasllar, vaqt (kun/tun), hududlar va sohalar kesimida qulay qidiruv tizimi orqali oson topiladi;
— eng muhimi, barcha fayllar mualliflik huquqidan holi bo‘lib, ulardan erkin foydalanish mumkin.

Platforma kontentlari san’at, urbanizatsiya, sport, tarixiy obidalar, tabiat va milliy an’analar yo‘nalishlarida tizimlashtirilgan.

Davlat ahamiyatiga ega materiallar ham alohida jamlangan. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashriflariga oid videolar hamda “Yangi O‘zbekiston” kontentlari maxsus bo‘limlarda taqdim etilgan.

Platforma ochiq bo‘lib, mualliflar o‘z materiallarini joylashtirishi mumkin. Kelgusida monetizatsiya tizimi joriy etiladi.

Aura.uz – O‘zbekistonning zamonaviy vizual qiyofasini namoyon etuvchi innovatsion media platforma.