
Iqtisodiyot tarmoqlari jadal o‘zgarayotgan, raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bir paytda ta’lim tizimi oldida ham yangi vazifalar paydo bo‘lmoqda. Oliy ta’lim mamlakatlar taraqqiyotiga xizmat qiladigan g‘oyalar, ilmiy kashfiyotlar va innovatsion yechimlar yaratishga qodir avlodni shakllantirishi zarur.
Shu nuqtayi nazardan, turkiy davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, bizning davlatlarimizni mushtarak tarix, yaqin madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va o‘zaro anglashuv an’analari birlashtirib turadi.
Joriy yil 29–30-oktabr kunlari Anqara shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti ham ana shu hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va istiqbolli tashabbuslar uchun yangi imkoniyatlarni belgilash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Sammit arafasida turkiy davlatlar oliy ta’limi oldida turgan vazifalar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr yuritish ayni muddaodir.
Mushtarak tarixdan umumiy taraqqiyot sari
Turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi ilm-ma’rifat, hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniy aloqalarning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Turkiy dunyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, olimlar va allomalar jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan. Ularning ilmiy merosi bugun ham bilimga intilish, tafakkur erkinligi va ma’rifatparvarlikning yuksak namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi avlodning vazifasi ana shu boy merosni asrab-avaylash bilangina cheklanib qolmasdan, uni zamonaviy taraqqiyot talablari bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Buning uchun ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, yoshlarning xalqaro tajriba orttirishiga sharoit yaratish, olimlar hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish muhimdir.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik aynan shu maqsadlarga xizmat qilishi mumkin. Hamkorlikning samaradorligi esa, eng avvalo, umumiy maqsadlarni aniq belgilash, ularni amaliy dasturlar bilan mustahkamlash va erishilgan natijalarni izchil rivojlantirishga bog‘liq.
Oliy ta’lim sohasida bunday yondashuv bir necha muhim yo‘nalishni qamrab oladi. Birinchidan, universitetlar o‘rtasida akademik aloqalarni mustahkamlash orqali ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish mumkin. Ikkinchidan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi yoshlarning dunyoqarashini kengaytiradi, yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Uchinchidan, qo‘shma ilmiy loyihalar turkiy davlatlarning umumiy muammolariga yechim topish, mavjud intellektual resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Eng muhimi, ta’lim sohasidagi integratsiya mamlakatlarning milliy manfaatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi lozim.
O‘zbekiston: turkiy ta’lim makonini shakllantirish yo‘lida
O‘zbekistonda oliy ta’limni modernizatsiya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirish, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bu boradagi muhim vazifalardan hisoblanadi.
Shu yo‘nalishdagi tashabbuslardan biri — Turkiy davlatlar xalqaro universitetining tashkil etilishidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi «Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–24-son qaroriga muvofiq Toshkent shahrida tashkil etilgan mazkur universitet turkiy davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim, fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Universitet faoliyatining asosiy maqsadi xalqaro ta’lim standartlari asosida zamonaviy iqtisodiyot talablariga javob beradigan, yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, shuningdek, qo‘shma akademik va ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirishdan iborat.
Bizning nazarimizda, universitetning ahamiyati faqat yangi ta’lim muassasasi tashkil etilgani bilan belgilanmaydi. U turkiy davlatlarning ilmiy va intellektual salohiyatini birlashtirish, ta’lim tizimlari o‘rtasida amaliy aloqalarni mustahkamlash va xalqaro tajribani milliy ta’lim muhitiga olib kirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yishda hamkorlikning amaliy natija berishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim dasturlarini hamkor universitetlar bilan muvofiqlashtirish, xorijiy professor-o‘qituvchilarni o‘quv jarayoniga jalb etish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish va talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini xalqaro hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.
Bunday yondashuv universitetni oddiy bilim berish maskanidan ta’lim, tadqiqot va ishlab chiqarishni o‘zaro bog‘lovchi zamonaviy akademik muhitga aylantirishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik: ta’lim sifati va yangi imkoniyatlar
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyatida Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Ushbu hamkorlik ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar tajribasidan foydalanish va talabalar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
2025/2026-o‘quv yilida Turkiya universitetlari bilan hamkorlik asosida beshta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Ular davolash ishi, kompyuter muhandisligi, elektr muhandisligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash hamda oziq-ovqat texnologiyasini qamrab oladi.
Mazkur yo‘nalishlarda Turkiyaning Hacettepe universiteti, Yaqin Sharq texnika universiteti (METU), Istanbul texnika universiteti (ITU) va Ege universiteti bilan hamkorlik qilinmoqda.
Hamkorlik uchun tanlangan yo‘nalishlar zamonaviy iqtisodiyotning muhim ehtiyojlariga mos keladi. Tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Kompyuter va elektr muhandisligi esa raqamli iqtisodiyot, sanoatni avtomatlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi hamda oziq-ovqat texnologiyalari sohasidagi bilimlar esa agrar tarmoq samaradorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va resurslardan oqilona foydalanish bilan bevosita bog‘liq.
2026/2027-o‘quv yilida hamkorlik geografiyasi Ozarbayjon va Qozog‘iston universitetlari bilan yangi yo‘nalishlar hisobiga kengaytirilmoqda. Neft va gaz ishi, kimyo muhandisligi, geologiya-qidiruv ishlari texnikasi va texnologiyasi, telekommunikatsiya texnologiyalari, xalqaro va qiyosiy huquqshunoslik yo‘nalishlarida yana beshta dasturni joriy etish belgilangan.
Bu borada Ozarbayjon davlat neft va sanoat universiteti, Ozarbayjon texnika universiteti hamda Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti bilan hamkorlik olib borilmoqda.
Shunday qilib, ikki o‘quv yiliga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari doirasida o‘nta ta’lim yo‘nalishini qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bu esa universitetning turli mamlakatlar tajribasini bir akademik muhitda uyg‘unlashtirishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Hamkorlikning muhim jihati shundaki, u faqat ta’lim yo‘nalishlari sonini ko‘paytirish bilan cheklanmaydi. O‘quv rejalari va fan dasturlarini xalqaro talablarga moslashtirish, xorijiy mutaxassislarni dars jarayoniga jalb qilish, elektron ta’lim resurslaridan foydalanish va talabalarning xalqaro amaliyotlarda ishtirok etishini ta’minlash ham uning tarkibiy qismlaridir.
Bunday mexanizmlar ta’lim mazmunini yangilash, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish uchun zamin yaratadi.
Zamonaviy infratuzilma — sifatli ta’lim asosi
Xalqaro hamkorlikning samarasi, eng avvalo, uning ta’lim jarayonida qanday aks etishi bilan o‘lchanadi. Buning uchun malakali pedagoglar, zamonaviy o‘quv dasturlari, ilmiy laboratoriyalar va talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan infratuzilma zarur.
Turkiy davlatlar xalqaro universitetida ushbu yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2026-yil mart oyida tibbiyot yo‘nalishi talabalari uchun klinik simulyatsiya va amaliy ko‘nikmalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hacettepe universitetining o‘quv dasturlari va klinik standartlari asosida jihozlangan markazda talabalar shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, dastlabki tashxis qo‘yish va davolash algoritmlarini zamonaviy trenajyorlar hamda robotlashtirilgan moslamalar yordamida mashq qilish imkoniga ega.
Bunday markazlar bo‘lajak shifokorlarning kasbiy tayyorgarligida nazariya va amaliyot o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashga xizmat qiladi. Talaba haqiqiy klinik muhitga kirishidan oldin turli vaziyatlarni modellashtirish orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Muhandislik va dasturlash yo‘nalishlarida ham zamonaviy talablarga javob beradigan kompyuter laboratoriyalari hamda dasturiy platformalar tashkil etilgan. Neft-gaz, kimyo va elektr muhandisligi sohalari bo‘yicha laboratoriya bazalarini rivojlantirish ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, talabalar va xorijdan taklif etilgan professor-o‘qituvchilar uchun talabalar turar joyi, axborot-resurs markazi va kovorking hududlari tashkil qilingan. Bu sharoitlar ta’lim olish, mustaqil izlanish va jamoaviy loyihalar ustida ishlash uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.
Universitetda raqamli ta’lim platformasining ishga tushirilgani ham muhim qadamdir. U dars jadvallari, o‘quv materiallari, baholash jarayonlari va akademik nazoratni yagona raqamli makonda birlashtirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda raqamlashtirish faqat texnik vositalarni joriy etish emas, balki ta’limni boshqarish madaniyatini o‘zgartirish, ma’lumotlardan samarali foydalanish va ta’lim jarayonining shaffofligini oshirish vositasi hamdir.
Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi
Zamonaviy oliy ta’lim muassasasining salohiyati faqat auditoriyalarda beriladigan bilim bilan emas, balki uning ilmiy izlanishlari, ishlab chiqarish bilan aloqalari va amaliy muammolarga yechim topish imkoniyatlari bilan ham belgilanadi.
Bugun iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida yangi texnologik yechimlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, telekommunikatsiya, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohalarida ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish raqobatbardoshlikning muhim shartiga aylandi.
Shu bois turkiy davlatlar universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘shma tadqiqotlar, laboratoriyalar va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bilan boyitish zarur. Har bir mamlakatda shakllangan ilmiy maktablar, mutaxassislar tajribasi va mavjud infratuzilmani birgalikda ishlatish orqali ko‘proq natijaga erishish mumkin.
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti oldida ham ta’lim, fundamental fan va real sektor korxonalari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish vazifasi turibdi. Iqtisodiyot tarmoqlari bilan maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish, ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunda korxonalarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini oldindan o‘rganish, ta’lim dasturlarini shu talablarga moslashtirish, ishlab chiqarish amaliyotini tizimli tashkil qilish va talabalarni ilmiy loyihalarga jalb etish muhim o‘rin tutadi.
Ilmiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan yana biri — sun’iy intellekt va raqamli innovatsiyalardir. Katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, kiberxavfsizlik, raqamli boshqaruv va intellektual tizimlardan foydalanish bo‘yicha qo‘shma kompetensiya markazlarini tashkil etish turkiy davlatlar uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kabi masalalar ham davlatlarimiz olimlarining birgalikdagi izlanishlarini talab qiladi. Bu muammolarning ko‘pchiligi milliy chegaralar bilan cheklanmaydi. Shu sababli ularga yechim topishda mintaqaviy ilmiy hamkorlikning ahamiyati ortib bormoqda.
Yagona akademik makon: talabalar va olimlar uchun yangi imkoniyatlar
Turkiy davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirishda akademik mobillik alohida o‘rin tutadi. Talabalarning boshqa mamlakatda muayyan muddat tahsil olishi, professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalar o‘qishi, tadqiqotchilarning qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi bilim va tajriba almashinuvini kuchaytiradi.
Akademik mobillikning samarali bo‘lishi uchun o‘zaro tan olinadigan o‘quv natijalari, muvofiqlashtirilgan ta’lim dasturlari, shaffof baholash mezonlari va talabalar uchun tushunarli ma’muriy tartiblar zarur. Bunday mexanizmlar ta’lim oluvchilarning bir mamlakatda egallagan bilimlarini boshqa mamlakatda davom ettirishiga qulaylik yaratadi.
Shu ma’noda, turkiy davlatlar doirasida akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, grant va stipendiya imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma diplom dasturlarini ko‘paytirish istiqbolli vazifalardan hisoblanadi.
Qo‘shma diplom dasturlari talabalarga ikki mamlakatning akademik tajribasidan foydalanish imkonini beradi. Biroq bunday dasturlarning muvaffaqiyati ta’lim mazmunining muvofiqligi, sifat nazorati va bitiruvchilar malakasining tan olinishi kabi masalalarning puxta hal etilishiga bog‘liq.
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyatida ham hamkor universitetlar bilan o‘quv dasturlarini muvofiqlashtirish, xorijiy professorlarni jalb qilish va talabalarning Turkiya, Ozarbayjon hamda Qozog‘istondagi hamkor muassasalar bazasida amaliyot o‘tashini tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.
Kelgusida bu tajribani yanada kengaytirish, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun o‘zaro almashinuv imkoniyatlarini ko‘paytirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash turkiy davlatlar o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Yana bir muhim yo‘nalish — yosh olimlar va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir. Turli mamlakatlardan kelgan talabalar va tadqiqotchilarni birlashtiruvchi ilmiy tanlovlar, innovatsion loyihalar va startap-akseleratorlar yangi g‘oyalarning paydo bo‘lishiga, ularning amaliyotga tatbiq etilishiga yordam beradi.
Umumiy maqsad — bilimli avlod va barqaror taraqqiyot
Bugun turkiy davlatlar oldida katta imkoniyatlar bilan bir qatorda, jiddiy vazifalar ham turibdi. Jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, texnologik raqobat, ekologik muammolar va mehnat bozorining yangi talablari ta’lim tizimidan doimiy yangilanishni talab qilmoqda.
Bunday sharoitda davlatlarimizning eng katta boyligi — inson kapitali. Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, mustaqil fikrlashi va yangi g‘oyalar yarata olishi mamlakatlarimizning kelajagini belgilaydi.
Shuning uchun oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikka faqat bugungi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish vositasi sifatida qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. U uzoq muddatli taraqqiyot, ilmiy salohiyatni oshirish va kelajak avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan strategik yo‘nalishdir.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish orqali universitetlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va yoshlarimizning xalqaro akademik muhitda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish mumkin.
Turkiy davlatlar xalqaro universitetining faoliyati ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik, xalqaro talablarga mos ta’lim dasturlari, zamonaviy laboratoriyalar va akademik mobillik imkoniyatlari ushbu maqsad yo‘lidagi amaliy qadamlardir.
Ishonchimiz komilki, ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish turkiy davlatlarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat universitetlarimiz, balki butun mintaqaning innovatsion taraqqiyoti, iqtisodiy raqobatbardoshligi va barqaror kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Zero, umumiy tarix bizni birlashtirgan bo‘lsa, umumiy bilimlar, ilmiy izlanishlar va ezgu maqsadlar kelajagimizni yanada yaqinlashtiradi. Turkiy davlatlar oliy ta’limining yangi imkoniyatlari ham aynan shu g‘oyada — mushtarak merosni zamonaviy bilimlar bilan boyitish, intellektual salohiyatni birlashtirish va umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik qilishda namoyon bo‘ladi.
Bahodir Turaev,
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti rektori v.b.