Aziz vatandoshlar,
Qadrli turk qardoshlar,
Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro platformalardagi ishtiroki yildan-yilga sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu jarayonda qardosh mamlakatlar, xususan, Turkiya Respublikasi bilan aloqalar alohida o‘ringa ega. Hurmatli Prezidentlarimiz o‘rtasida qaror topgan yaqin do‘stlik va birodarlik rishtalari o‘zaro munosabatlarimizning rivojida muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Aloqalarimizning chuqurlashtirilgan keng qamrovli strategik darajaga yuksalgani so‘nggi yillardagi progressiv tashqi siyosatimizning yorqin yutuqlaridan biridir.
Mamlakatimiz o‘z tashqi siyosatida iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surayotgan bir vaqtda Turkiya bilan ham savdo-iqtisodiy sohadagi salohiyatni ro‘yobga chiqarish asosiy faoliyat yo‘nalishlarimizdan biridir. Turk ishbilarmon va sarmoyadorlarini mamlakatimizga jalb etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash – asosiy vazifamiz.
Yangi O‘zbekistonda turizmni drayver sohaga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida Turkiya bilan ayniqsa ziyorat turizmi yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdorimiz. Har bir turk qardoshimizning “Ota Yurt” – O‘zbekistonga sayohat qilishiga erishish bizning asosiy maqsadimizdir. Qardoshlarimizga o‘zlarining tarixiy Vatanlarida barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.
So‘nggi yillarda xalqaro aloqalarimizda madaniyat diplomatiyasi alohida o‘rin tutmoqda. Turkiya kabi qardosh mamlakatlar bilan munosabatlarda mushtarak madaniy-ma’rifiy faoliyatlar hamjihatlikni yanada mustahkamlashi jihatidan muhim. Binobarin, bu boradagi tadbirlarni yanada ko‘paytirish ustida ishlaymiz.
Mamlakatimizdagi islohotlar jarayonida chet eldagi vatandoshlarimizga bo‘lgan e’tibor har qachongidan yuksak darajaga chiqdi. Shu jihatdan, Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish – ustuvor faoliyat yo‘nalishimiz. Ayniqsa, ta’lim uchun kelgan yoshlar va band bo‘lgan fuqarolarimizning sharoitlarini yaxshilash, huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyatimizni yanada kuchaytiramiz. Elchixonamiz hamda Konsullik bo‘limi eshiklari har bir fuqaromiz, vatandoshlarimiz hamda turk qardoshlarimiz uchun har qanday masalada doimo ochiqdir.
Jamoatchilik bilan aloqalarni izchil olib borish, Elchixonamiz auditoriyasini zarur axborot va yangiliklardan tezkor xabardor etish, o‘zaro madaniy-ma’rifiy ta’sir yaratuvchi kontentlarni ulashish ham faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Yangilik va e’lonlarimizni ushbu internet sahifasi, shuningdek, Elchixonamizning ijtimoiy tarmoqlarida kuzatib borishingiz mumkin.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik va faoliyatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom HAYDAROV
Elchi