Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Gidroenergetika sohasida olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar koʻrib chiqildi



29.04.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Oʻzbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud. Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sugʻorish, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va koʻmirga bogʻliq. Gidroenergiya ulushi esa 10-12 foiz atrofida. Shu bois, gidroenergetikani rivojlantirish energiya tizimini barqarorlashtirish, yoqilgʻi resurslariga bogʻliqlikni kamaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim oʻrin tutadi.

Soʻnggi yillarda sohada salmoqli natijalarga erishildi. 2017-yilda 36 ta boʻlgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilda 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy quvvati 1,6 gigavattdan 2,4 gigavattgacha oshdi.

Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan gidroagregat va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi “UzHydroPower” zavodi tashkil etildi. Oʻtgan yili ishga tushirilgan Norin GESlar kaskadining birinchi bosqichi ilk marotaba “milliy loyiha” modeliga asosan amalga oshirilib, barcha jarayonlar toʻliq mahalliy korxonalar tomonidan bajarildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatining katta qismi hali ishga solinmagani qayd etildi. Aholi va iqtisodiyot oʻsishi bilan elektr energiyasiga talab oshib borayotganini hisobga olib, bu salohiyatdan toʻliq, har bir daryo, soy va kanallarda foydalanish hamda yangi quvvatlarni jadal ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda 2026-2032-yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar boʻlgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi. Buning natijasida qoʻshimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.

Joriy yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish oʻrni yaratiladi. Bunga qoʻshimcha Boʻstonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Yirik loyihalar qatorida Boʻstonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar boʻlgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million kilovatt-soat boʻladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.

Fargʻona viloyati Soʻx tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida Soʻx GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt boʻladigan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror taʼminlashga xizmat qiladi.

Yuqori Toʻpalang hududining gidroenergetika salohiyati ham koʻrib chiqildi. “Toʻpalang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Dunyo amaliyotida gidro toʻplash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda ham ilk bor umumiy quvvati 1,4 gigavatt boʻlgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.

Shuningdek, umumiy quvvati 164 megavatt boʻlgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.

Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yoʻnalishi sifatida belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteomaʼlumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlarining xavfsizligini taʼminlash uchun 3,5 mingta nazorat-oʻlchov apparatlari oʻrnatilgan.

Davlatimiz rahbari gidroenergetika sohasidagi loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Taqdimotda poytaxt hududidagi daryo va kanallar boʻylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sunʼiy koʻl va havzalar barpo etish boʻyicha ishlar toʻgʻrisida ham axborot berildi.

Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan oʻtuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida “Daryo boʻyi” loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Loyiha doirasida daryo qirgʻoqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bektemir kanali boʻyida 187,3 gektar maydonda “yashil belbogʻ” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyoʻlaklar, ichki yoʻllar, yoritish tizimlari hamda koʻpriklar quriladi.

Poytaxtda 4 ta sunʼiy koʻl va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, koʻllar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.