
Boʻlajak mazkur Oliy darajadagi tadbir hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning keyingi ustuvor yoʻnalishlarini belgilash uchun muhim maydonga aylanadi.
Turkiy integratsiya makonining shakllanishi koʻp yillik tarixga ega boʻlib, u nafaqat til, madaniyat va tarixiy meros mushtarakligiga, balki turkiy xalqlarning boy maʼrifatparvarlik va intellektual tafakkur anʼanalariga ham tayanadi. XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati madaniy va maʼnaviy yaqinlashuv gʻoyalarining shakllanishida alohida oʻrin tutdi. Uning namoyandalari taʼlim, ilm-fan, jamiyatni modernizatsiya qilish va turkiy xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash tarafdori boʻlgan.
Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining birinchi sammiti 1992 yilda Turkiya Bosh vaziri Turgʻut Oʻzal tashabbusi bilan Anqara shahrida oʻtkazilgan. 1996 yilgi Toshkent deklaratsiyasida davlat rahbarlari Kotibiyat tuzish toʻgʻrisidagi qoidani mustahkamlab qoʻygan. Keyingi yillarda mazkur format izchil rivojlanib, 2009 yilda Naxchivanda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkil etildi. 2021 yilda Istanbul sammitida tuzilmani Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Bu tashkilot faoliyatining kengayishi va uning xalqaro ahamiyati ortib borayotganini aks ettirdi.
Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi aʼzo davlatlar – Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Ustuvor vazifalar qatoriga oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, tashqi siyosiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish kiradi. Savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoit yaratish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va mintaqa aholisi turmush darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
TDTning tashkiliy tuzilmasi koʻp tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi qator muhim institutlarni oʻz ichiga oladi. Davlat rahbarlari kengashi oliy organ hisoblanib, u rivojlanishning strategik yoʻnalishlarini belgilaydi va muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazadi. Maslahatchi vazifasini Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi bajaradi. U aʼzo davlatlarning nufuzli vakillarini birlashtirib, turkiy dunyoda oʻzaro anglashuv va ishonch anʼanalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston dastlabdan turkiy davlatlarni yaqinlashtirish va mazkur formatda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish jarayonlarining faol ishtirokchisi boʻlib kelgan. Yangi burilish nuqtasi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirgʻizistonning Chʻolpon-Ota shahrida boʻlib oʻtgan turkiy tilli davlatlar VI sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etganini qayd etish mumkin. Bu qadam tashkilot rivojiga yangi turtki berdi. 2019 yilda respublika Naxchivan bitimini ratifikatsiya qilib, TDT faoliyatidagi toʻlaqonli ishtirokini rasmiy mustahkamladi.
Oʻzbekistonning qoʻshilishi bilan tashkilot faoliyati va aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik kun tartibi sezilarli darajada faollashdi. 2019–2025 yillarda oʻtgan sammitlarda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan 116 ta tashabbus ilgari surildi. Hozirgi kunga qadar ularning 64 tasi amalga oshirildi, yana bir qator loyihalar yakuniy bosqichda turibdi. Bu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning turkiy makondagi integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga nisbatan tizimli va amaliy yondashuvini koʻrsatadi.
Amalga oshirilgan tashabbuslar keng qamrovli yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Iqtisodiyot va transport sohasida logistika jarayonlarini soddalashtirish hamda mintaqaning tranzit salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan “e-Permit”, “raqamli TIR” va “yashil yoʻlak” tizimlarini joriy etish alohida ahamiyat kasb etdi. Turizm sohasida Qoʻqon shahrining turkiy dunyo turizm poytaxti deb eʼlon qilinishi va ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Tabarruk ziyorat” loyihasining amalga oshirilishi muhim voqealardan boʻldi.
Yoshlar siyosati, ilm-fan va taʼlim sohalarida hamkorlik faol rivojlanmoqda. Yosh yetakchilar forumlari, xalqaro konferensiyalar va Turkiy universitetlar uyushmasi doirasidagi tadbirlar oʻtkazilmoqda. Shu bilan birga, innovatsion rivojlanishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda – IT-forumlar, startap maydonlari va sohaviy idoralar uchrashuvlari, jumladan, kosmik sohada va mudofaa sanoatidagi hamkorlik tashkil etilmoqda. Bu ishtirokchi davlatlarning yagona texnologik makonni shakllantirishga intilishini aks ettiradi.
Turkiy davlatlar tashkilotini rivojlantirishda 2022 yil Samarqand sammiti yakunlariga koʻra boshlangan Oʻzbekiston raisligi alohida ahamiyatga ega. Bu davrda mamlakat nafaqat amaliy hamkorlikni faollashtirdi, balki tashkilot faoliyatiga institutsional yangiliklar ham kiritdi. Xususan, ilk bor raislik davri uchun kompleks Konsepsiya va Tadbirlar rejasini ishlab chiqish amaliyoti joriy etildi. Bu hamkorlikka yanada tizimli va izchil tus berish imkonini yaratdi. Raislik doirasida iqtisodiyot va transportdan tortib ilm-fan, madaniyat va taʼlimgacha boʻlgan asosiy sohalarni qamrab olgan turli darajadagi 100 dan ortiq tadbir oʻtkazildi.
Bugungi kunda TDT kun tartibi barcha ishtirokchi davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda shakllantirilmoqda va har bir davlat integratsiya jarayonlari rivojiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy oʻsishni namoyon etmoqda. Soʻnggi yillar yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi izchil oshib bormoqda va 2025 yilda 10,8 milliard AQSh dollaridan oshdi. Qozogʻiston va Turkiya mamlakatimizning asosiy savdo sheriklari boʻlib qolmoqda. Shu bilan birga, boshqa aʼzo davlatlar bilan ham oʻzaro savdo hajmining oʻsishi kuzatilmoqda. Bu esa iqtisodiy integratsiya va mintaqadagi kooperatsiya aloqalarining chuqurlashayotganini koʻrsatadi.
Shu nuqtayi nazardan, Turkiston shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti koʻp tomonlama hamkorlikning keyingi yoʻnalishlarini muhokama qilish va yangi qoʻshma tashabbuslarni ishlab chiqish uchun muhim maydon boʻladi. Sammit mavzusidan kelib chiqqan holda, raqamli transformatsiya, qoʻshma innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli infratuzilma sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, transport-logistika oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, turkiy makon doirasida qoʻshma yuqori texnologiyali va innovatsion loyihalarni ilgari surish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Ekspertlar fikricha, Oʻzbekiston turkiy makonda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish va oʻzaro ishonchni mustahkamlash tarafdori sifatida tashkilotning umumiy maqsadlarini amalga oshirishga bundan buyon ham faol koʻmaklashadi. Kutilayotgan kelishuv va tashabbuslar integratsiya jarayonlariga yangi surʼat bagʻishlashi, mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi hamda Turkiy davlatlar tashkilotining xalqaro nufuzini yanada oshirishi kutilmoqda.
“Dunyo” AA