Anqarada bo'lib o'tgan O'zbekiston-Turkiya biznes-forumi yakunlari bo'yicha yangi investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi
TOSHKENT, 6-iyun. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi arafasida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O'zbekiston-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig'ilishi doirasida Anqarada bo'lib o'tgan bir qator tadbirlarda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston-Turkiya biznes-forumi doirasida Turkiyaning Onur Group, IC Ictas Insaat, YDA Group, Rönesans Holding, Ostim, Doğan Holding, Aksa Energy, Çalık Holding, Akfen Holding, Yildiz Group kabi yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralarda ishtirok etildi.
Konstruktiv fikr almashish chog'ida qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, to'qimachilik, geologiya, elektrotexnika, farmatsevtika, charm-poyabzal ishlab chiqarish, qurilish va energetika sohalarda loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Laziz Kudratov forumning yalpi majlisida ham qatnashdi. Forum davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari, vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha ko'rib chiqdilar hamda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, B2B va G2B formatlarida dolzarb masalalar yechimlarini, sheriklikning amaliy jihatlarini muhokama qilish va yangi foydali aloqalarni o'rnatishga muvaffaq bo'ldilar.
Tadbir doirasida investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Shuningdek, Turkiya Savdo-sanoat palatalari va birjalari uyushmasi binosida tashkil etilgan "Invest in Uzbekistan" ko'rgazmasi ikki davlat delegatsiyalari tomonidan ko'zdan kechirildi.
O'tkazilgan tadbirlarda yangi kompaniyalar va O'zbekistonning ko'p yillik hamkor kompaniyalar rahbarlari mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadilar va o'zbekistonlik hamkorlar bilan savdo va investitsiyaviy munosabatlarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.